Mustaqilligimizning 35 yillik tantanalari arafasida yurtimizda inson qadri, uning halol mehnati va Vatan taraqqiyotiga qo’shgan munosib hissasi yana bir bor yuksak e’tirof etilmoqda.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga muvofiq, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga munosib hissa qo’shib, o’zining fidokorona mehnati, tashabbuskorligi va ibratli faoliyati bilan yurtimiz ravnaqiga xizmat qilib kelayotgan bir guruh yurtdoshlarimiz davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Ular orasida Qashqadaryo vohasining turli sohalarida samarali mehnat qilayotgan, o’z kasbiga sadoqati va el-yurt manfaati yo’lidagi fidoyiligi bilan alohida namuna bo’lib kelayotgan ko’plab yurtdoshlarimiz ham bor.
Qarshi shahrida davlat mukofotlarini o’z egalariga topshirishga bag’ishlangan tantanali tadbir bo’lib o’tdi.
Tadbirda viloyat hokimi Murotjon Azimov mukofotlarni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti nomlaridan tantanali ravishda topshirib, mukofotlanganlarni samimiy qutladi.
— Bu mukofotlar nafaqat bir insonning, balki uning ortida turgan jamoa, oila va yurt oldidagi mehnatining e’tirofidir. Davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan yuksak ishonch va e’tibor barchamizni yanada katta maqsadlar sari ruhlantiradi, — dedi viloyat rahbari.
Tantanali marosimda mukofotlanganlar o’zlariga ko’rsatilgan yuksak e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, bundan buyon ham yurt taraqqiyoti va xalq farovonligi yo’lida yanada faol mehnat qilishlarini ta’kidladilar.
Aytish joizki, bugun Qashqadaryoda Mustaqilligimizning 35 yilligiga bag’ishlangan tantanalar keng nishonlanmoqda. Viloyatning tuman va shaharlarida yangi ishlab chiqarish korxonalari, ijtimoiy obyektlar foydalanishga topshirilib, aholi uchun munosib sharoitlar yaratilmoqda.
Eng muhimi, bayram shukuhi nafaqat tantanalarda, balki odamlar hayotidagi amaliy o’zgarishlarda, yangi imkoniyatlar va ezgu tashabbuslarda namoyon bo’lmoqda.
