Jumladan, O’zbekiston xalqaro miqyosda yana bir e’tirofga sazovor bo’ldi. Respublika perinatal markazi jamoasi yaqinda BAAda bo’lib o’tgan «ENDODUBAI — 2025» X xalqaro tibbiyot konferentsiyasining «Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari» maxsus sektsiyasida ilk bor rasman ishtirok etdi hamda videotaqdimot nominasiyasida birinchi o’ringa sazovor bo’ldi.
«ENDODUBAI — 2025» endoskopik jarrohlikning ilg’or usullariga bag’ishlangan eng yirik xalqaro konferentsiyalardan biri sanaladi. Bu noyob platformada dunyoning barcha qit’alaridan endoskopiya, ginekologiya va kam invaziv jarrohlik sohasida yuqori texnologiyali uskunalar bilan ishlaydigan 500 nafardan ortiq etakchi mutaxassislar tajriba almashish maqsadida birlashdilar.
Unda O’zbekistondan Respublika perinatal markazi ginekologiya bo’limi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi Jahongir G’ofurov hamda markazning yosh xodimi Dilafruz O’rinboeva 4 ta ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Jumladan, ular yurtimizda kam invaziv jarrohlik texnologiyalarini rivojlantirish tajribasi, perinatal markaz sharoitida ginekologik kasalliklarni tashxislash va davolashda qo’llanilayotgan zamonaviy usullar, ginekologik endoskopiya sohasida erishilayotgan yutuqlar haqida gapirdi.
Ma’ruzalarga konferentsiya ishtirokchilari katta qiziqish bildirdi. Ulardan biri videotaqdimot nominasiyasida 45 ta davlat orasida birinchi o’ringa sazovor bo’ldi. Ya’ni unda o’zbekistonlik mutaxassislar yurtimizda qo’llanilayotgan yangi operasiyani namoyish etdi.
— Ushbu yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti homiladorlik bachadon bo’yni chandiq sohasida rivojlangan ayolda o’tkazilgan bo’lib, bachadonni saqlab qolishga muvaffaq bo’ldik, — deydi Jahongir G’ofurov. — Avvallari bunday bemorlarda 100 foiz hollarda bachadonni olib tashlashga majbur bo’lardik va ayol bir umr farzand ko’rish baxtidan bebahra qolardi. Ushbu amaliyot sabab bemor 10 oydan so’ng homilador bo’ldi va sog’lom farzandni dunyoga keltirdi. Markazda 20 ga yaqin ana shunday amaliyotlarni bajardik.
Ushbu videotaqdimot yurtimizda inson qadri naqadar ulug’ligi hamda tibbiyotimizdagi yutuqlarning yorqin namunasidir.
«ENDODUBAI» konferentsiyasidagi ishtirok mamlakatimiz mutaxassislariga xalqaro maydonda nafaqat bilim almashish, balki o’z tajribasini namoyish etish imkoniyatini ham taqdim etdi.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.