Bugun «O’zekspomarkaz» da Sog’liqni saqlash vazirligi hamda boshqa qator vazirlik va agentliklar hamkorligida «Sog’liqni saqlash — TIHE 2024» 28-Toshkent xalqaro tibbiyot ko’rgazmasi o’z ishini boshladi.
Ushbu an’anaviy ko’rgazmada zamonaviy asbob-uskunalar, texnologiyalar, ilg’or davolash va diagnostika usullari taqdim etilmoqda.
«TIHE 2024″da rekord miqdordagi eksponentlar ro’yxatga olingan bo’lib, ko’rgazma birdaniga 4 ta pavilonda bo’lib o’tmoqda. Unda 21 mamlakatdan 310 ta kompaniya ishtirok etyapti. Ularning 154 tasi Xitoy kompaniyalaridir.
Bu yil doimiy ishtirokchilar bilan bir qatorda AQSh, Koreya Respublikasi, Italiya, Germaniya, Turkiya, Misr kabi davlatlardan debyutantlar ham mavjud bo’lib, ular qatnashchilar umumiy sonining 54 foizini tashkil etadi.
Kompaniyalar tashrif buyuruvchilarga laboratoriya, klinika va shifoxonalar uchun zamonaviy echimlar, diagnostika va davolash uchun tibbiy asbob-uskunalarning keng assortimenti, tegishli mahsulotlar, stomatologik amaliyot uskunalari va farmasevtika sohasidagi yangi ishlanmalarni taqdim etmoqda.
Ko’rgazma doirasida ilmiy-amaliy seminarlar o’tkazilib, unda bolalar salomatligi, ginekologiya va akusherlik, kosmetologiya, onkologiya, travmatologiya va ortopediya sohasidagi mutaxassislar muloqoti tashkillashtiriladi.
Bu yilgi ko’rgazmaning asosiy tendentsiyalaridan biri mahalliy farmasevtika ishlab chiqarish tarmog’ini rivojlantirish va qo’llab-quvvatlashga, shuningdek, bu yo’nalishdagi sanoatda ilg’or texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan. Alohida pavilonda 13 mamlakatdan 60 dan ortiq kompaniyalar bu soha uchun eng so’nggi ishlanmalar, uskunalar, xom ashyo va texnologiyalar, tayyor dori-darmonlarni taqdim etmoqda.
Ko’rgazmada 50 dan ortiq mahalliy kompaniyalar sog’liqni saqlash sohasidagi yutuqlari va yangiliklarini namoyish etmoqda, bu esa ularning chet ellik ishtirokchilar bilan raqobatlashishga loyiq ekanligidan dalolat. Ular stomatologiya uskunalari, shifoxonalar va klinikalar uchun mebel va jihozlar, dori-darmonlar, toza xonalar, farmasevtika, diagnostika, oftalmologiya, fizioterapiya va reabilitasiya, laboratoriya, rentgen uskunalari kabilarni namoyish emoqda. Mahalliy kompaniyalar sonining ko’payishi mahsulot sifatining yuqori darajasi va ushbu kompaniyalarning jahon miqyosida o’z manfaatlarini muvaffaqiyatli himoya qilish qobiliyatidan darak beradi.
Sog’liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchisi Asilbek Xudayarov ko’rgazmada bo’lib, mahalliy ishlab chiqaruvchilar faoliyati bilan tanishdi, ularning xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik o’rnatishini hamda shu orqali xorijga eksport salohiyati oshirilishini qo’llab-quvvatladi. Yurtimizda tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, kasalliklarni tashxislash va davolashning ilg’or usullarini keng joriy etishga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Ko’rgazma 18 aprelgacha davom etadi.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.