Kitob tumani “Qashqadaryo” MFY hududida 7 ming nafardan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan zamonaviy oilaviy poliklinika o‘z faoliyatini boshladi.
Mazkur binoning rekonstruksiya ishlariga 700 mln. so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. E’tiborli jihati shundaki, ushbu mablag‘larning shakllanishida mahalliy aholining homiyligi tahsinga loyiq. Bu esa hudud aholisining o‘zaro hamjihatligi, birdamligi va bir yoqadan bosh chiqarib, ezgu maqsad yo‘lida safarbar bo‘la olishini yana bir bor namoyon etdi.
Tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan muassasa zamonaviy va zarur tibbiy asbob-uskunalar bilan to‘liq ta’minlandi. Natijada poliklinikada birlamchi tibbiy ko‘rik va davolash xonalari, kunduzgi statsionar bo‘limi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, bemorlar uchun 80 dan ortiq turdagi bepul dori vositalari mavjud bo‘lib, aholining ehtiyojmand qatlamlariga yanada qulaylik yaratildi.
