Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov yurtimizda onalar va bolalar salomatligini asrashga mas‘ul muassasalar hamda tug‘uruq komplekslari rahbarlari ishtirokida videokonferensaloqa shaklida muloqot o‘tkazmoqda.
Unda shu yilning birinchi yarmida onalar va bolalar sog‘ligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash borasida belgilab berilgan vazifalar ijrosi hamda ushbu sohadagi muammoli masalalar tanqidiy tahlil qilinyapti.
Tadbirda vazirlik markaziy apparati mas’ullari, Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning hududiy filiallari, shuningdek, respublika darajasidagi muassasalar va Toshkent shahar tug‘uruq komplekslari rahbarlari qatnashmoqda.
Tumanlararo perinatal markazlar, barcha tuman (shahar) tug‘uruq muassasalari rahbarlari esa hududlardan onlayn ishtirok etyapti.
Muloqotda qayd etilganidek, bugungi kunda 17 mln. nafardan ortiq (9,4 mln. nafardan ziyod tug‘ish yoshidagi) ayollarga 231 ta tug‘uruq va 18 yoshgacha bo‘lgan (13,3 mln. nafardan ortiq) bolalarga 245 ta pediatriya muassasasi xizmat ko‘rsatmoqda.
Oilaviy poliklinikalarda “Ayollar maslahatxona”lari, “Prenatal skrining xona”lari, “Onko-nazorat xona”lari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasi belgilangan ustuvor maqsadlar orasida onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish muhim o‘rin tutishi, shu bois sohani yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.
