Xabar berganimizdek, o‘tgan oyda Hukumat qarori bilan davlat tibbiyot muassasalarida kamida o‘n besh yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari tomonidan sotib olinadigan uy-joy dastlabki badal to‘lovining bir qismini qoplab berish tartibiga doir tegishli nizom tasdiqlandi.
❓Xo‘sh, bu imkoniyatdan kimlar foydalana oladi?
💬 Ushbu imkoniyatdan davlat tibbiyot muassasalarida tibbiyot yoki farmatsevtika xodimi sifatida ishlayotgan hamda davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yillik mehnat stajiga ega xodimlar foydalanishi mumkin.
❓ Qancha miqdorda subsidiya ajratiladi?
💬 Ipoteka krediti asosida birlamchi uy-joy bozoridan kvartira yoki uy sotib olinganda, hisoblangan dastlabki badalning 25 foizi subsidiya sifatida Sog‘liqni saqlash vazirligining Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.
❓Qayerdan uy sotib olish mumkin?
💬 Fuqaro ro‘yxatdan o‘tkazilgan hududidan qat’i nazar, yurtimizning istalgan hududidan subsidiya dasturi doirasida birlamchi uy-joy bozoridan uy-joylarni ipoteka krediti asosida sotib olishi mumkin.
❓Ariza topshirish tartibi qanday?
💬 Buning uchun brauzer orqali my.gov.uz rasmiy saytiga kiring. Saytning yuqori qismidagi “Kirish” tugmasini bosib, OneID orqali shaxsiy kabinetingizga o‘ting. Qidiruv maydoniga “Davlat tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya ajratish” deb yozing va shu bo‘limga kiring.
Xizmat sahifasida imtiyozdan kimlar foydalanishi, asosiy talablar va ariza berish shartlari bilan tanishing. Shundan keyin «Ariza yuborish» tugmasini bosing. Tizimda avtomatik shakllangan shaxsiy ma’lumotlaringiz, ish joyingiz va mehnat stajingizni diqqat bilan tekshiring.
Ma’lumotlarning asosiy qismi tegishli davlat axborot tizimlaridan avtomatik ravishda olinadi. Sizdan faqat zarur maydonlarni to‘ldirish, ma’lumotlarni tekshirish hamda shaxsiy ma’lumotlarga ishlov berish va elektron tekshiruvlarga rozilik bildirish talab etiladi.
Barcha ma’lumotlar to‘g‘ri kiritilganiga ishonch hosil qilgach, “Yuborish” tugmasini bosing. Ariza qabul qilinganidan so‘ng unga maxsus ID raqami beriladi. Arizaning holatini shaxsiy kabinet orqali kuzatib borish mumkin.
❓ Gʻoliblar qanday aniqlanadi?
💬 Talablarga javob bergan arizalar orasidan har chorakda 125 nafar g‘olib elektron tasodifiy tanlov orqali aniqlanadi.
❓ Subsidiya necha marta beriladi?
💬 Subsidiya bir oilaga, ya’ni er yoki xotindan faqat biriga bir marta beriladi.