Belarus Respublikasining Vitebsk shahrida bo‘lib o‘tgan “Belarus va O‘zbekiston hududlarining uchinchi forumi” doirasida so`gliqni saqlash boshqarmasi boshlig`i N.Qurbonov boshchiligidagi Qashqadaryo viloyati delegatsiyasi sog‘liqni saqlash yo‘nalishida qator muhim uchrashuvlar o‘tkazdi.
Forum dasturi doirasida delegatsiya Vitebsk viloyat klinik ixtisoslashtirilgan markazi, Vitebsk davlat Xalqlar Do‘stligi ordenli tibbiyot universiteti hamda Vitebsk viloyat klinik kasalxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Uchrashuvlarda zamonaviy tibbiy xizmatlarni tashkil etish, yuqori texnologik davolash usullari, malakali kadrlar tayyorlash va ilmiy-amaliy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hamda “Brosmed” va «Biomed» klinikalarining Vitebsk klinikasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik va mutaxassislar tajriba almashuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ikki tomonlama kelishuv imzolandi.
Mazkur hamkorlik tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va ularni viloyat tibbiyot muassasalari amaliyotiga joriy etish orqali aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
