Qashqadaryo viloyati hokimining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Ziyoda Aminova boshchiligidagi viloyat ishchi guruhining Dehqonobod tumaniga tashrifi doirasidagi tadbirlar davomida xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash, reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish hamda kasalliklarning erta aniqlanishini ta’minlashga qaratilgan bepul tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Tadbir doirasida Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda Dehqonobod tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan jalb etilgan malakali shifokorlar ishtirokida Oqtosh, Beliboyli va Chambil mahallalarida istiqomat qiluvchi xotin-qizlar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Tibbiy ko‘rik davomida xotin-qizlarning reproduktiv salomatligi holati o‘rganilib, zarur laborator va diagnostik tekshiruvlar amalga oshirildi. Shuningdek, aniqlangan kasalliklarni o‘z vaqtida davolash, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish hamda salomatlikni mustahkamlash yuzasidan malakali shifokorlar tomonidan tibbiy tavsiyalar berildi.
Shu bilan birga, ishtirokchilar o‘rtasida reproduktiv salomatlikni asrash, erta va katta yoshdagi homiladorlik hamda tug‘ruqning salbiy oqibatlari, istalmagan homiladorlikning oldini olish, tug‘ruqlar oralig‘idagi tavsiya etilgan muddatlarga rioya qilish, onalik va bolalikni muhofaza qilish hamda sog‘lom turmush tarzining ahamiyati yuzasidan keng qamrovli tushuntirish ishlari olib borildi.
Mutaxassislar tomonidan xotin-qizlarning o‘z salomatligiga mas’uliyat bilan yondashishi, muntazam profilaktik tibbiy ko‘riklardan o‘tishi, kasalliklarni erta aniqlash va davolash orqali og‘ir asoratlarning oldini olish borasida zarur tavsiya va maslahatlar berildi.
Mazkur tibbiy ko‘rik va profilaktik targ‘ibot tadbirlari xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash, sog‘lom avlodni voyaga yetkazish hamda aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni yuksaltirish yo‘lida amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning muhim amaliy ifodasi bo‘ldi.

