Onabola-QF.uz

Yangiliklar

Qashqadaryo viloyati sog’liqni saqlash boshqarmasining onalik va bolalaikni muhofaza qilish bo’yicha o’rinbosarining soha xodimlari va viloyat aholisiga MUROJAATI

Mavluda Mahkamovna Qurbonova, Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasining onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha o‘rinbosari, homiladorlik, tug‘uruv, bolalarni emlash va tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasidagi korrupsiyaga qarshi kurashishni talab qilyapti. O‘z murojaatida u tibbiy xodimlarning qonuniylikka, adolatga va vijdonasos qilishga, aholi xohishlari va murojaatlari to‘g‘risida 1203 telefon raqamidan foydalanishni e’tiborga qaratmoqda.

Hurmatli tibbiyot xodimlari! Qadrli viloyatimiz aholisi!

Onalar va bolalar salomatligi — bu nafaqat tibbiy masala, balki jamiyatning ma’naviy va ijtimoiy barqarorligi bilan bog‘liq ustuvor vazifadir. Shu bois onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasida adolat, shaffoflik va halollik tamoyillariga qat’iy rioya qilish — har birimiz uchun burch va mas’uliyatdir.

Korrupsiya har qanday tizimni ichidan yemiruvchi illatdir. Ayniqsa, ona va bola salomatligi bilan bog‘liq sohadagi har qanday noqonuniy holat — inson taqdiriga daxl qiluvchi jiddiy huquqbuzarlik hisoblanadi.

Prezidentimizning 2025 yil 26 dekabrdagi Oliy Majlis va xalqimizga qilgan Murojaatnomasida korrupsiya jamiyatda ishonch muhitini izdan chiqaradigan jiddiy tahdid ekanini alohida ta’kidlab, 2026 yilni unga qarshi kurashishda “favqulodda holat” yili sifatida belgilash zarurligini qayd etgan edilar.

Shundan kelib chiqib, barcha sohalar qatori sog‘liqni saqlash tizimida, ayniqsa, onalik va bolalikni muhofaza qilish yo‘nalishida ochiqlik, shaffoflik va qonuniylik tamoyillarini yanada mustahkamlash ustuvor vazifaga aylanmoqda.

Shu munosabat bilan, o‘z xizmat vazifamdan kelib chiqqan holda quyidagilarni alohida ta’kidlamoqchiman:

🔹Homilador ayollarni ro‘yxatga olish, skrining tekshiruvlari, tug‘ruqqa tayyorlash va tug‘ruq xizmatlari faqat belgilangan davlat standartlari asosida amalga oshiriladi. Bu jarayonda noqonuniy to‘lovlar, “minnatdorchilik” ko‘rinishidagi mablag‘ talab qilish holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi.

🔹 Bolalarni emlash, chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar, reanimatsiya va intensiv terapiya xizmatlari qonunchilikka muvofiq ravishda tashkil etiladi. Har qanday sun’iy to‘siq yoki ortiqcha talablar aniqlansa, tegishli choralar ko‘riladi.

🔹 Dori vositalari, tibbiy jihozlar va ozuqa mahsulotlari taqsimotida ochiqlik va adolat ta’minlanishi qat’iy nazoratga olingan.

🔹 Tibbiyot xodimlarining aholi bilan muomala madaniyati, kasbiy etikasi va xizmat intizomi doimiy monitoring qilinib kelinmoqda.

Hurmatli tibbiyot xodimlari❗️

Sizlarni kasbiy burchingizga sodiq qolishga, o‘z faoliyatingizni faqat qonun va vijdon asosida olib borishga chaqiraman. Ona va bola salomatligi — ishonch va insoniylikka tayanadigan sohadir. Bu ishonchga putur yetkazishga hech kimning haqqi yo‘q.

Qadrli fuqarolar❗️

Agar onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasida korrupsiyaviy holatlar, noqonuniy talablar yoki qonunbuzilishlarga duch kelsangiz, befarq bo‘lmang.

Siz va yaqinlaringiz hech qanday asossiz qonun buzilishlari holatiga uchraganingizda, 1203 raqami orqali o‘z vaqtida xabar berishingiz — tizimni yanada tozalashga xizmat qiladi.

Har bir murojaat qonun doirasida o‘rganiladi va maxfiylik kafolatlanadi.

Biz uchun har bir ona, har bir bola taqdiri — yuksak qadriyat. Keling, birgalikda sog‘liqni saqlash tizimida halollik va shaffoflik muhitini yanada mustahkamlaylik.

Hurmat bilan,

Mavluda Mahkamovna Qurbonova

Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha o‘rinbosari

Ulashish :

Yangiliklar

Telegram kanalimizga qo’shiling va eng so’nggi yangiliklarni o’tkazib yubormang!

So'nggi yangiliklar