Yurtimiz bo‘ylab aholining sog‘lig‘ini mustahkamlash, tibbiy ko‘rik va skrining tekshiruvlarini kengaytirishga qaratilgan “Salomatlik marafoni” tadbirlari davom etmoqda. Bugun ushbu tashabbus Shahrisabz shahrida ham keng qamrovda boshlandi.
Shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida marafon uchun puxta tayyorgarlik ko‘rilib, UZI, statsionar momografiya, rentgen, EKG va laboratoriya tahlillari jadal amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, viloyat ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari filiallaridan yetakchi mutaxassislar ham tadbirda ishtirok etib, aholiga malakali maslahatlar bermoqda. Fuqarolar farzandlari bilan birga kelib, tekshiruvlarda faol qatnashmoqda.
Marafon jarayonida Shahrisabz shahar hokimi Sherzod Bo‘riyev ishtirok etib, so‘zga chiqdi va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish borasidagi vazifalarga to‘xtalib o‘tdi. U tadbir ahamiyatini alohida ta’kidlab, “Salomatlik marafoni”ga rasmiy start berdi.
Tadbirni viloyatda birinchilardan bo‘lib yo‘lga qo‘ygan Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Olim Norboyev boshchiligidagi jamoa marafonni yuqori saviyada tashkil qilmoqda. Shuningdek, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika rahbari Lola Ergasheva tomonidan barcha sharoitlar yaratilgan. Rahbar xonasining gullar bilan bezatilgani, jamoaning ahilligi va mas’uliyati tadbirning ko‘tarinki ruhda o‘tishiga xizmat qilmoqda.
