Qashqadaryo zaminida o‘tayotgan “Yoshlarning ilmiy va amaliy faoliyati” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman mamlakatimiz tibbiyot hayotidagi muhim ilmiy voqealardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Mazkur anjuman O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakalarini rivojlantirish markazi hamda viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamkorligida tashkil etilib, gibrid formatda o‘tkazilayotgani ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini yanada mustahkamlab, keng hududlardan ishtirokchilarni qamrab olish imkonini bermoqda.
Ayniqsa, anjuman yosh shifokorlar va ilmiy izlanishga qiziqqan mutaxassislar uchun katta imkoniyatlar maydoni hisoblanadi. Unda respublikamizning turli hududlaridan 350 nafardan ortiq yosh shifokorlar ishtirok etmoqda. Ulardan 40 nafarga yaqini o‘z ilmiy ma’ruzalari bilan qatnashib, zamonaviy tibbiyotdagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashmoqda.
Ushbu xalqaro konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 15 maydagi PF–86-son Farmoni, “Prezidentning iqtidorli farzandlari” tashabbusi (2022 yil), 2024 yil 14 oktyabrdagi PQ–358-son qarori hamda 2030 yilga qadar sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi sifatida o‘tkazilmoqda.
Anjumanni Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakalarini rivojlantirish markazi direktori, professor X.Akilov xamda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i v.b.b N.Qurbonov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Anjumanning dastlabki yarim kunida 10 ga yaqin respublikamizning turli xududlaridan tashrif buyurgan oflayn formatda ishtirok etayotgan xamda onlayn formatda qatnashayotgan 4 nafar rossiyalik va qozog‘istonlik professorlarning ma’ruzalari eshitildi.
