Onabola-QF.uz

Yangiliklar

Bolalar milliy tibbiyot markazi: uch oyda 820 dan ziyod murakkab operasiyalar o’tkazildi

Sog’liqni saqlash sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor bois yurtimiz tibbiyoti jadal rivojlanmoqda. Buni yaqingacha faqat xorij klinikalarida o’tkazilgan qator murakkab jarrohlik amaliyotlari o’zimizda yo’lga qo’yilib, salmoqli natijalar qo’lga kiritilayotgani ham yaqqol tasdiqlab turibdi.

Xususan, bolalar milliy tibbiyot markazida shu yilning o’tgan uch oyi mobaynida 1130 ta jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o’tkazildi. Shundan 823 tasi o’zining murakkabligi bilan ajralib turadi. Ular orasida ilk bor amalga oshirilganlari ham talaygina.

— Hech bir natija o’z-o’zidan qo’lga kiritilmaydi, — deydi shu muassasa direktori Baxtiyorjon Umarov. — Buning zamirida yurtimizda sohaga qaratib kelinayotgan katta e’tibor yotibdi.

Markazimizga zamonaviy asbob-uskunalar olib kelib o’rnatilgani va mutaxassislarimiz chet davlatlarda malaka oshirib kelayotgani o’z samarasini beryapti. Natijada bir paytlar faqat orzu qilish mumkin bo’lgan murakkab operasiyalarni o’zimizda bajaryapmiz.

Birgina joriy yilning o’tgan uch oyida mutaxassislarimiz tomonidan 46 turdagi murakkab jarrohlik amaliyoti o’zlashtirildi. 

Misol sifatida esa rekonstruktiv iridoplastika, pastki jag’ankilozni bartaraf etish va implant yordamida rekonstruktsiyalash, alveolyar o’sig’yorig’ini suyak ko’chirib o’tkazish yordamida bartaraf etish, kuygandan keyingi chandiqli tortuvchi kontrakturasini qon tomirli teri ko’chirib o’tkazish yordamida hal etish, yuqori jag’nuqsonini laxtakli kichik boldir suyagi bilan tiklash, jigar ko’chirib o’tkazish, jigarning atipik rezektsiyasi hamda Laparoskopik usulda buyrak transplantasiyasini ko’rsatish mumkin.

Shu o’rinda O’zbekistonda ilk bor o’tkazilgan noyob yurak jarrohlik amaliyotlaridan birini alohida keltirmoqchimiz. 

Bir oylik chaqaloqda yurakning chap qorincha chiqish yo’li torayishi aorta orqali bartaraf etildi.

Bunday yuqori xavfli va juda nozik jarrohlik amaliyoti dunyodagi eng ilg’or tibbiyot markazlarida bajariladi, xolos.

Kichik tana vazniga ega chaqaloqda birinchi marta o’tkazilgan operasiya mamlakatimiz tibbiyotida yangi sahifa ochdi.

Bolalar kardioxirurgiyasi sohasidagi ushbu innovasion qadam yurak nuqsonlari bilan tug’ilgan chaqaloqlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Noyob jarrohlik amaliyotlari xususida so’z borganda, bu borada xalqaro hamkorlikning o’rni salmoqli bo’layotganligini alohida ta’kidlash zarur.

Joriy yilning uch oyi mobaynida xorijliklar bilan birgalikda qator operasiyalar amalga oshirildi. Germaniya va Italiya jarrohlari ko’magida 2 nafar beta-talassemiya bemorlarida allogen suyak iligi transplantasiyasi o’tkazildi.

Germaniyalik Jan Soerensonning maslahati asosida Juvenil mielomonositik leykozda azasitidin bilan davolash usuli qo’llanildi. Shveytsariya va germaniyalik mutaxassislar ishtirokida yurak exinokokkoz jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi.

Amerikalik tajribali jarroh Luis de la Torre markazimizga tashrif buyurib, mutaxassislarimiz bilan tajriba almashdi. Tashrif doirasida u to’g’ri ichak va anorektal kasalliklarning zamonaviy davolash usullari, shu jumladan, Girshprung kasalligi, anorektal malformasiya va funktsional ichak buzilishi bo’yicha mahorat darslari o’tdi. Ayni chog’da u kam invaziv jarrohlik usullarini joriy etish bo’yicha maslahatlar berdi va qator noyob operasiyalarda ishtirok etdi.

Shu kabi sa’y-harakatlar tufayli nafaqat yurtdoshlarimiz, ayni chog’da xorijliklarning ham bizga bo’lgan ishonchi ortib borayotir. Natijada bizga murojaat qilayotgan chet elliklar soni sezilarli darajada oshmoqda.

Uch oy davomida 516 nafar norezedentga ambulator hamda 57 nafariga stasionar sharoitda sifatli tibbiy xizmatlar ko’rsatildi. Ular orasida Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Rossiya, Turkiya hamda Xitoy fuqarolari ko’pchilikni tashkil etadi.

Umuman olganda, muassasamiz faoliyati ham yangi operasiya va davolash usullarini o’zlashtirish ma’nosida, ham tibbiy xizmatlar sifatini xalqaro darajaga olib chiqish nuqtai nazaridan kengayib bormoqda.

Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati

Ulashish :

Yangiliklar

Telegram kanalimizga qo’shiling va eng so’nggi yangiliklarni o’tkazib yubormang!

So'nggi yangiliklar