Onabola-QF.uz

Yangiliklar

Allergik kasalliklarning 30-40 foizi autoimmun reaktsiyalar bilan bog’liq

Immunitet zaiflashishi — salomatligimiz uchun katta xavf. Bunda organizmning turli kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyati susayadi. Ammo haddan tashqari faol immunitet ham sog’lik uchun jiddiy muammo!

Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ilmira Razikova shu mavzudagi xulosalarini allergik kasalliklar bilan bog’lagan holda bayon qildi.

— Autoimmun xastaliklar immun tizimi faoliyati izdan chiqishi tufayli yuzaga keladi, — deydi tibbiyot fanlari doktori, professor I.Razikova. — Ushbu patologiyada tananing himoya qobiliyati shunchalar tajovuzkor bo’ladiki, immunitetimiz virus va bakteriyalar o’rniga, o’z organizmimizga qarshi kurashishga kirishadi.

Ya’ni tana o’z hujayralarini dushmanday qabul qilib, ularni yo’q qiluvchi antitanalar ishlab chiqara boshlaydi. Shu tariqa ichki a’zolarimizda yallig’lanish jarayoni kechadi. Eng yomoni, yallig’lanish qanchalik kuchaysa, immunitet tizimidagi «qotil hujayra»larning sog’lom to’qima va organlarga «hujumi» shu qadar zo’rayadi.

Bu esa bora-bora psoriaz, revmatoid artrit, tarqoq skleroz, yarali kolit, qandli diabetning 2-turi, sklerodermiya, vaskulit kabi qator autoimmun kasalliklar rivojlanishiga sabab bo’ladi.

Bunday patologiyalarning paydo bo’lish omillari haqida turli xulosa va yondashuvlar mavjud. Masalan, ba’zi autoimmun xastaliklar, xususan, qizil volchanka yosh ayollarda erkaklarga qaraganda 10 marta ko’p uchraydi.

Ayrim shunday kasalliklar esa bir oila a’zolarida genlarning to’satdan mutasiyasi tufayli paydo bo’ladi yoki irsiyat orqali uzatiladi.

Qolaversa, qator tashqi omillar — quyosh nurlari, kimyoviy moddalar singari allergenlar hamda virus va bakteriyalar autoimmun jarayonining rivojlanishiga moyillik yaratadi.

O’rganishlarga ko’ra, allergik kasalliklarning taxminan 30-40 foizi autoimmun reaktsiyalar bilan bog’liq. Bunda funktsional autoantitanalar semiz hujayralar va bazofillarning faollashishiga, gistamin hamda boshqa yallig’lanishga qarshi moddalar hosil bo’lishiga olib keladi.

Odatda kasallik qo’zg’almasligi uchun immunitet tizimini bloklovchi dori-darmonlardan foydalaniladi. Ammo bu preparatlar, o’z navbatida, insonning infektsiyalarga qarshi himoya qobiliyatini zaiflashtirishi mumkin.

Ayni paytda Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazimizda shunday darddan aziyat chekayotgan bemorlarda allergik kasalliklarni eng ilg’or usullarda aniqlash va muolaja qilish yo’lga qo’yilgan.

Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.

Ulashish :

Yangiliklar

Telegram kanalimizga qo’shiling va eng so’nggi yangiliklarni o’tkazib yubormang!

So'nggi yangiliklar